Otabek va Kumush bilan diydorlashib...
Ishdan so‘ng maʼnaviy ozuqa, maroqli dam olish uchun teatr eng munosib maskan ekani sir emas. Ayniqsa, sahnada qo‘yilayotgan spektakl tomoshabin uchun qadrli bo‘lsa, bu maʼnaviy ozuqaning qiymati chandon ortadi.
Mana shu maqsadda “Tuproqsifattahlil” DUK xodimlari va ularning oila a'zolari kunlik ish faoliyatlarini yakunlab, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga tashrif buyurishdi.
Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani asosida sahnalashtirilgan "Otabek Kumushbibi" spektaklining musiqiy talqini tomoshabinga o‘zgacha ruh ulashdi. Bu musiqa va drama uyg‘unligi tomoshabinga qahramonlarning hissiyotlarini yanada chuqurroq his ettirdi.
O‘tmishning kechmishlari, qahramonlarning muhabbat va iztiroblari aks etgan sahna asari korxona xodimlarini yana bir bor sevimli asar bilan yuzlashtirdi, o‘yga toldirdi.
Mana shunday maʼnaviyat maskanlari insonlarga ruhiy quvvat ulashibgina qolmasdan, balki vaqtlarini unumli o‘tkazishlari uchun ham muhimdir.